Professional ta’lim muassasalariga yil davomida o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilish tizimi joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida

07.12.2023 yildagi 647-son PQ-200-son

Mamlakatimizda ish beruvchilarning ehtiyojlari asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash jarayonlari bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, iqtisodiyotning barcha sohalarida malakali va zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, yoshlarning kasb va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishlarini inobatga olib, o‘z kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan birga, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari asosida tashkil etilayotgan ish o‘rinlarida o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan ehtiyojning yanada oshishi natijasida professional ta’lim muassasalarida tashkilotlarning buyurtmalari asosida yil davomida dual ta’lim shaklida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 3-iyuldagi PQ-200-son qarori ijrosini ta’minlash, mehnat bozori uchun raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida qabul qilishning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:

professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni yil davomida tashkilotlarning buyurtmalari asosida dual ta’lim shaklida o‘qitish;

ish beruvchilarning o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan mavjud ehtiyoji asosida dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilishni soddalashtirish;

o‘quvchilarni dual ta’lim shakli bo‘yicha o‘qishga qabul qilish tizimini raqamlashtirish.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududdagi tashkilotlarning mavjud imkoniyatlari va takliflari asosida professional ta’lim muassasalarida dual ta’lim shaklida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish borasida doimiy ko‘maklashib borsin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi:

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlaridagi mavjud ish o‘rinlari hamda ularda yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha ma’lumotlar bazasini shakllantirsin;

har yili 1-avgustga qadar professional ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni dual ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha Yagona milliy mehnat tizimidan ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

tashkilotlardan biriktirilgan ustozlarning pedagogik mahoratini ixtiyoriy ravishda oshirish uchun har yili dual ta’lim shakli bo‘yicha bepul qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;

dual ta’lim shakli joriy etilgan kasb va mutaxassisliklar bo‘yicha tegishli ta’lim dasturlarini takomillashtirsin hamda Germaniya tajribasi asosida metodik materiallarni ishlab chiqsin;

2024/2025 o‘quv yiliga qadar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda mehnat bozorining o‘rta bo‘g‘in kadrlariga bo‘lgan joriy va istiqbolli ehtiyojni aniqlashga mo‘ljallangan elektron platformani ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan ishga tushirsin hamda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash istagida bo‘lgan tashkilotlar va professional ta’lim muassasalari bilan tuziladigan shartnomalarni elektron shaklda imzolash tizimini joriy etsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari K.X. Karimov zimmasiga yuklansin.